24-mart kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida «Qoʻshimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish» mavzusida panel munozarasi boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston sanoatining ustuvor strategik tarmoqlaridan biri – foydali qazilmalar, xususan, mis, oltin, kumush, sink, fosfatlar, nodir tuproq metallari kaliyi va boshqa minerallarni qazib olishdir. Shu nuqtayi nazardan, munozara mavzusi yanada dolzarbroq ahamiyat kasb etadi.
Panel munozarasi moderatori — Aleksandr Tarasenko, MDHdagi KPMG vakili, hamkor
Spikerlar:
Aziz Voitov, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya va tashqai savdo vazirining birinchi oʻrinbosari;
Bobir Islomov, Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi;
Narzullo Oblomurodov, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi;
Joʻrabek Mirzamahmudov, «Oʻzkimyosanoat» AJ boshqarmasi raisi;
Abdulla Azizov, Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati boshqarmasi raisi oʻrinbosari;
Aleksey Shaymardanov, Navoiy togʻ-metallurgiya kombinati AJ bosh direktorining iqtisodiyot va moliya boʻyicha oʻrinbosari;
Franko Adami Karbonara, Terranova SRL tijoriy direktori va rahbarlik qoʻmitasi aʼzosi.
Oʻzbekistonda dastlabki qayta ishlash mahsulotlarining xilma-xil turlari keng assortimentda qazib olinadi va ishlab chiqariladi, keyinchalik texnologik sikl yakunida u raqobatbardosh yakuniy mahsulotni ishlab chiqarish uchun yaxshi xomashyo boʻlib xizmat qilishi mumkin. Koʻplab sektorlarning yuqori texnologik transformatsiyasi kelajakda ishlab chiqarish geografiyasi hamda qoʻshimcha qiymat jamlangan markazlar oʻzgarishiga olib keladi. Ishlab chiqarish jarayoni avvalgiga nisbatan kamroq quvvat, material va mehnat talab qilishi, arzon ishchi kuchidan foydalanish qisqarishi kutilmoqda.
Munozara davomida mavjud ishlab chiqarishlar samaradorligini oshirish boʻyicha choralarga toʻxtalib oʻtildi, shuningdek, amalga oshiriladigan loyihalar qisqacha koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov:
— Oʻzbekiston tabiiy boyliklar ishlab chiqarishda yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi.
Qimmatbaho metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 22 hududda Erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilingan. Bu hududlarda istalgan xorijlik investorlar oʻz investitsiyalarini kiritishlari va imtiyozli sharoitlarda faoliyat olib borishlari mumkin. Erkin iqtisodiy zonalarda biznesni yoʻlga qoʻyish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Munozara davomida tarmoq qoʻmitalar vakillari ham chiqish qilib, qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotni ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralar va erishilgan natidalar haqida soʻzlashdi.
— Oʻzbekiston geologik jihatdan 40 foiz oʻrganilgan mamlakat hisoblanadi, — taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi Bobir Islomov. — Yana 60 foiz geologik hududlarda oʻrganishlar olib borishimiz kerak boʻladi. Buning uchun uzoq muddatli dastur ishlab chiqilgan. Prezidentimiz tomonidan geologik oʻrganishlarni olib borish uchun bir qancha qarorlar imzolangan. Ular qanday amalga oshirilishi boʻyicha ishlarning barchasi shaffof boʻlib, tarmoqlarga joylashtiriladi. Shuningdek, kelgusida amalga oshiradigan ishlarimiz besh yillik Taraqqiyot strategiyasida aniq belgilab berilgan. Reja boʻyicha biz geologik ishlarimizni 2 baravar oshiramiz. Shunchaki qazib olmasdan, zahira yaratishni maqsad qilganmiz. Shu yoʻnalishda kelgusida 150 ming oltin zaxiralari, 300 mingdan ortiq tonna mis zaxiralarini yaratishni rejalashtirganmiz. Mamlakatimiz investor tomonidan taklif qilinadigan togʻ-kon sohasidagi mega loyihalarga tayyor. Bu borada xorijliklar faoliyatini olib borishi uchun hech qanday muammo boʻlmaydi.
Munozara doirasida Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati AJ boshqarma raisi oʻrinbosari Abdulla Azizov chiqish qildi.
— OTMK 100 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqaruvchi jahondagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi, — taʼkidladi A. Azizov – Biz yillik mis ishlab chiqarish hajmini 109 tonnadan 140 tonnagacha yetkazdik va bu katta oʻsish hisoblanadi. Elektrmobillarning ommalashishi evaziga misga boʻlgan talab ham ortib bormoqda. Prognozlarga koʻra, kelgusida mis va temir rudasini qayta ishlash boʻyicha Oʻzbekiston birinchi oʻringa chiqadi. Lekin biz rekord oʻrnatish emas, yangi konlarni ochishni maqsad qilganmiz.
Tadbir doirasida qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun kapital va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish chora-tadbirlariga alohida toʻxtalib oʻtildi, xususan davlat-xususiy hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.
Munozara doirasida foydali qazilmalarni qazib olishdan qoʻshimcha qiymatga ega mahulotlarni ishlab chiqarishga oʻtish borasidagi imkoniyatlar, ekologik muammolar va resurslarning cheklanganligi sohaga qanday taʼsir koʻrsatayotgani, qanday strategiya va texnologiyalar mavjud yangi ishlab chiqarish konlarini ochish va samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi aytib oʻtildi.